Qahramon Nurmuhamedovich Nazirov 1963-yil 13-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1980-yilda Muxitdin Qori-Yoqubov nomidagi davlat filarmoniyasi To‘xtasin Jalilov nomidagi o‘zbek xalq cholg‘ulari Davlat Akademik orkestriga sozanda-ijrochi sifatida ishga qabul qilindi, shu yili “O‘zbek xalq cholg‘ulari yosh ijrochilarining III-Respublika tanlovi” da sovrindorlikni qo‘lga kiritdi. 1984-yili “O‘zbek xalq cholg‘ulari ijrochilarining IV-respublika tanlovi”da qatnashib I-o‘rin sohibi bo‘ldi. Talabalik davrlari hamda To‘xtasin Jalilov nomidagi orkestrdagi mehnat faoliyati jarayonida ko‘pdan-ko‘p mamlakatlarda, xususan sobiq ittifoq respublikalarining ko‘p shaharlari bo‘ylab gastrol safarlarida bo‘lgan. O‘zbekiston radiosining “Oltin fondi”da uning ijrosidagi o‘ndan ortiq asarlar saqlanmoqda. O‘zbektelefilm tomonidan suratga olingan “Musiqali palitra” filmida yakkanavoz sozanda sifatida qatnashgan. 1986-yilda konservatoriyani muvaffaqiyatli bitirib, shu yili sentyabr oyida Ozarbayjonning Baku shahrida Uzeir Hojibekovning yuz yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Xalq cholg‘ularida yosh ijrochilarning I-Xalqaro konkursida qatnashib, tanlov sohibi (I –o‘rin) laureat unvoniga sazovor bo‘ldi va “Uzeir Hojibekov asarlarining mohir ijrochisi” alohida diplomini qo‘lga kiritdi. 1989-yil sentyabr oyida M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasi “Xalq cholg‘ularida ijrochilik” kafedrasiga ishga qabul qilindi. 1991-1993 yillar Aspirantura bosqichining assistentura-stajirovka bo‘limida o‘qib, muvaffaqiyatli tugatdi. Yuzdan ortiq shogirdlar tarbiyaladi. bular ichida tanlovlar g‘oliblari bor. U konservatoriyadagi pedagogik faoliyati bilan bir qatorda konsert ijrochiligi bo‘yicha ham juda faol. Uning ijrosidagi bir nechta yakkanavoz konsertlar, yirik anjuman va ilmiy konferensiyalardagi chiqishlari shular jumlasidandir. 1997 yil dots.nt vazifasini bajaruvchi, 2003-yil O‘zbekiston Respublikasi OAK tomonidan dots.nt ilmiy unvonida tasdiqlandi. 2013-yil O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Kengashi qaroriga binoan professor vazifasini bajaruvchi lavozimiga o‘tkazildi. Uning “Oybuloq”,“Abduhoshim Ismoilov”, “G‘ijjakda o‘zbek milliy kuylarini o‘zlashtirish”, “A. Grigoryan-skripka uchun gammalar va arpedjiolar” (rus tilidan tarjima), “G‘ijjak”, “G‘ijjak sinfi darsligi” “G‘ijjak uchun duetlar” kabi o‘quv qo‘llanma va darsliklari, yigirmadan ortiq ilmiy maqolalari nashr etilgan. 2022-yil O‘zbekiston Respublikasi OAK tomonidan professor ilmiy unvonida tasdiqlandi. Hozirda Qahramon Nazirov Bastakorlik yo‘nalishida ham sermahsul ijodiy faoliyat olib bormoqda. Uning asarlari muntazam ravishda televideniya va radio orqali, ijodiy kechalar, konsert tadbirlarida namoyish etib kelinmoqda. Xususan: “Orzu”, “Sevgi tangosi”, “Vals (hayrlashuv)” kabi kuylar g‘ijjak va fortepiano uchun yaratilgan. “Sog‘inch”, “Raqqosa”, “G‘ijjak yor-yori”, “Go‘zalsan”, “Izhor”, “Taronalar yangrasin”, “O‘tinch”, “Qo‘shnay ila surnay”, “Senga shaydoman yor”, “Qo‘sh g‘ijjak navosi”, “Tarannum” kabi kuylari, “O‘zbekistonim”, “Noz etma”, “Ishqinda men borman”, “Ayon bo‘lg‘ay”, “Sening ishqinda”, “U ham odam bu ham odam”, “Inson qismati”, “Dilim vayron etib qo‘yma”, “Inson umring mangu emasdur”, “Kimlar kirar tushingga”, “O‘n sakkizga kirgim keladi”, “Sen ketding vafo ketdi” kabi qo‘shiqlar shular jumlasidan.